Паролингизни унутдингизми?
Login
Left, Right, Center Left, Center, Right Center, Left, Right



iPad 2 taqdimot - Apple yana bir bor butun dunyoni hayron qoldirdi

iPad 2 taqdimoti - Apple yana bir bor butun dunyoni hayron qoldirdi

Shu yilning 2-mart kuni AQShning San-Fransisko shahrida ikki muhim voqea sodir bo‘ldi. Birinchisi, Apple kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan iPad 2 planshet kompyuterining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ikkinchisi esa, ushbu taqdimotni bir necha kundan beri rak kasalligi tufayli davolanayotgan Stiv Jobsning shaxsan o‘zi o‘tkazdi.

iPad planshet kompyuterning birinchi modeli rekord natijani ko‘rsatgan edi – 2010-yilda sotuvga chiqqanidan beri 9 oy (aprel-dekabr) mobaynida 15 million dona sotildi va kompaniyaga jami 9,5 mlrd. $ miqdorida daromad keltirdi.

Bundan tashqari taqdimot paytida kompaniyaning Bosh ijrochi direktori Stiv Jobs shu kungacha jami 100 million dona iPhone smartfoni sotilganligini ham aytib o‘tdi. Planshet bozorida esa Apple 90% lik ulush bilan yaqqol yetakchilik qilib kelmoqda. Stiv Jobs so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilda boshqa kompaniyalar “zo‘rg‘a” o‘z planshetlarini sotishni boshladi.

 



 

Yangi planshet haqida umumiy gapiradigan bo‘lsak, u yanada ingichkalashgan, vazni yengillashgan, birdaniga ikki – old va orqa kamera o‘rnatilgan, avvalgisiga nisbatan ikki marta tezroq ishlaydi.

iPad 2 yordamida endilikda HD formatidagi videolarni tasvirga olish mumkin. Qurilma AQShda 11-martdan sotuvga chiqariladi, narxi esa o‘zgarishsiz qoladi, ya’ni 499$ dan boshlanadi.

Taqdimot avvalida Stiv Jobs o‘tgan 2010-yilning “iPad yili” bo‘lganligini ta’kidlab o‘tdi. Mazkur qurilma bugungi kunda maktablarda, shifoxonalarda, avialayner kabinalarida va boshqa joylarda sevib ishlatilmoqda. U “shaxsiy kompyuterlarning so‘nggi davri”dan keyingi ilk kompyuter bo‘ldi. Shunday ekan, 2011-yil qanday yil bo‘ladi? iPad nusxalari yilimi – deyarli barcha kompyuter va elektronika vositalarini ishlab chiqaruvchilar planshet ishlab chiqarishni boshlashdi. Apple esa bunday hisoblamaydi, 2011-yil “iPad 2 yili” bo‘ladi.

O‘zingiz uchun yoqqanini tanlang

Yangi iPad eskisidan nimasi bilan farq qiladi? Birinchidan, iPad 2 kuchliroq – unga eskisiga qaraganda unumdorlikning ikki baravarga va grafikaning 9 marta tezlashishini ta’minlovchi ikki yadroli A5 chipi o‘rnatilgan. Shunday bo‘lsa-da, energiya iste’molini avvalgi A4 protsessori darajasida saqlab qolishga erishildi. A4 chiplari iPhone 4 smartfoni va iPad planshetining birinchi avlodiga o‘rnatilgan edi.

Qurilmaning qalinligi ham sezilarli darajada o‘zgardi – 13,8 millimetrdan 8,8 millimetrgacha kamaydi – bu iPhone 4 smartfonidan (9,3 mm) ham ingichkaroq. Yangi planshet avvalgisidan ancha yengil – 680 gramm o‘rniga 589 gramm. Bundan tashqari, qurilma ikki xil rangda ishlab chiqariladi – qora va oq ranglarda. Oq ranglisini sotuvga chiqqan kundan boshlab sotib olish mumkin. Qora ranglisi esa biroz keyinroq sotuvga chiqariladi.

Modellar ikki turdagi uyali aloqa tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlaydi – AT&T aloqa operatorining GSM/UMTS-tarmog‘i yoki Verizon kompaniyasining CDMA-tarmog‘idan birini tanlashingiz mumkin. Qurilma o‘lchamlarining ancha ixchamlashganligiga qaramasdan, uzluksiz video tomosha qilganda batareyaning ishlash vaqti 10 soat darajada saqlab qolindi, kutish rejimida esa bir oydan ko‘proq vaqtga yetadi.



iOS operatsion tizimi ham ancha o‘sdi

 

iPad 2 yangi iOS 4.3 dasturiy platformasida ishlaydi. Tez kunda, 11-martdan boshlab boshqa i-qurilmalarning operatsion tizimini ham yangi versiyasi bilan almashtirish mumkin. Kompaniyaning ta’kidlashicha, operatsion tizimning yangi versiyasida Safari brauzerida ishlash unumdorligi oshgan, iTunes Home Sharing funksiyalari realizatsiya qilindi, iPad yoki iPhone yordamida boshqa qurilmalarga (AirPlay) kontentni chiqarish texnologiyasi yanada takomillashtirilgan, ovozni pasaytirish yoki ekranni aylantirish funksiyalarini tanlash imkoniyati rivojlantirilgan.


 

Yangi operatsion tizim o‘rnatilgandan so‘ng, endilikda iPhone 4 smartfoni boshqa Android platformasida ishlovchi apparatlar kabi Wi-Fi mobil kirish (dostup) nuqtasiga aylanishi mumkin. iPad planshetida esa hali bu funksiya qo‘llanilgani yo‘q.

Ijodkorlar uchun

Apple o‘zining MacBook noutbuklarida o‘rnatilgan iLife paketidan ba’zi dasturlarni yangi planshetda ham ishlatish imkoniyatini yaratdi. Birinchisi, endi iPad 2 planshetida iMovie video tahrirlovchi dasturidan foydalanish mumkin. Unga ham bir necha funksiyalar qo‘shilgan, narxi esa avvalgidek 5 dollarligicha qolgan.
Avvallari faqatgina Mac uchun yaratilgan Garage Band audio tahrirlovchi havaskorlar dasturi endi iPad 2 da ham bor. Dasturga sensor ekran orqali chalish mumkin bo‘lgan bir necha virtual asboblar – pianino, organ, gitara, barabanlar va bas o‘rnatilgan. Uning narxi ham iMovie kabi 5 dollar.

Video

Kutilganidek, yangi planshetda ikki kamera paydo bo‘ldi – video-qo‘ng‘iroqlar va avtoportret uchun old kamera va boshqa maqsadlar uchun orqa kamera. Bundan tashqari, aksessuarlar ro‘yxatida 39 dollar turuvchi HDMI-kabel paydo bo‘ldi. Uning yordamida qurilmadagi yuqori sifatli video-tasvirlarni zamonaviy televizor yoki proyektorlarga chiqarish mumkin. Ta’kidlanishicha, HDMI-out funksiyasi barcha ilova-dasturlar bilan ishlaydi va kabel ulanganda qurilma quvvat ham oladi.

iPad 2 plansheti FaceTime video-qo‘ng‘iroqlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu texnologiya hozirda iPhone 4 smartfoni, iPod Touch yangi versiyasida va yaqinda reliz qilingan MacBook Pro noutbuklarida ham bor.

 

 

Qurilmaga yangi ustlik paydo bo‘ldi

iPad uchun yana bir noyob aksessuar paydo bo‘ldi. Smart Cover deb nomlangan ustlikdan qurilmaning ustini yopish yoki taglik sifatida ham foydalanish mumkin. Bu avvalgi iPad uchun chiqarilgan qolipdan tubdan farq qiladi. Bunisi ko‘tarib yurish uchun ham unchalik ko‘p joy egallamaydi. Ustlikni ko‘tarishingiz bilanoq, gadjet avtomatik ravishda kutish rejimidan chiqadi. Mazkur ustlik ikki xil variantda ishlab chiqarilgan bo‘lib, poliuretandan yasalgani 39 dollar, teridan yasalgani esa 69 dollar turadi. Har bir materialdan tayyorlangan ustlik 5 xil rangda, jami 10 xil rangda ishlab chiqariladi.

 

 

iPad 2 narxlarida hech qanday o‘zgarish kuzatilmaydi. Bazaviy tarkibiy qism, ya’ni 16 gigabayt ichki o‘rnatilgan xotira va faqatgina Wi-Fi simsiz aloqaga ulanuvchi model avvalgidek 499 dollar turadi. Eng qimmat varianti – 64 gigabayt ichki o‘rnatilgan xotira, Wi-Fi, 3G-modelga ega varianti 829 dollar turadi. Eng oxirgi variant 799 dollar turuvchi Motorola Xoom planshetidan qimmat turadi. Yangi planshetning chiqishi bilanoq, birinchi avlod iPad planshetining narxlari 100 dollarga kamaytirildi.

Qurilmalarning sotuvga chiqish kunini ham bu safar uzoq kutish shart emas, iPad 2 AQShda 11-martdan sotuvga chiqadi. 25-martdan esa yana 26 mamlakatda, jumladan Yevropaning aksariyat mamlakatlarida, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Yaponiyada sotuvga chiqariladi.

iBiznes amalda

 

Qurilmaning taqdimotini shaxsan Stiv Jobsning o‘zi o‘tkazdi. Bir necha kundan beri rak kasalligi bilan kurash olib borayotgan, hatto o‘limi yaqin deya taxmin qilinayotgan Stiv Jobsni ko‘rib zal qarsaklar bilan to‘lib ketdi. Jurnalistlarning fikricha, Jobsning salomatligi unchalik ham yomon ahvolda emas, biroq u ancha ozib ketgan.

 

 

An’anaga muvofiq, iPad 2 taqdimotidan oldin Stiv Jobs Apple kompaniyasining mobil biznesiga oid bir necha statistik ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, iBooks onlayn-do‘konidan sotib olingan elektron kitoblarning soni ma’lum bo‘ldi. Elektron kitoblar bilan savdo qiluvchi iBooks internet-do‘koni ochilganidan beri bir yil ichida foydalanuvchilar 100 milliondan ortiq kitob ko‘chirib olgan. Yaqinda Random House nashriyoti bilan tuzilgan shartnomadan so‘ng iBooks katalogi yana 17 000 nashr bilan boyidi. Shunday qilib, hozirda 2 500 dan ortiq nashriyot o‘zlarining nashrlarini Apple platformasida sotmoqda.

Xo‘sh, Apple kompaniyasining raqamli kontentlarini sotib oluvchilar soni qancha? Jobsning so‘zlariga ko‘ra, ilova-dasturlar, musiqa va kitoblar sotib olish uchun Apple ID hisobraqamiga ega foydalanuvchilar soni 200 milliondan oshib ketgan. Shu paytgacha boshqa hech bir kompaniyaning onlayn-do‘konida bunchalik ko‘p akkaunt ochilmagan. Bu borada asosiy raqobatchilardan biri hisoblangan Amazon.com o‘zining statistik ma’lumotlarini ommaga taqdim qilmaydi, shuning uchun ham unda qancha foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tganligini bilishning imkoni yo‘q.

Apple gadjetlari uchun ilova-dasturlar ishlab chiquvchilar AppStore onlayn-do‘koni ochilganidan beri 2 mlrd. $ dan ortiq daromad oldilar. Eslatib o‘tamiz, uchinchi tomon ishlab chiqargan har bir sotilgan ilova-dastur uchun Apple 30% summani oladi, qolgan 70% qismi esa ishlab chiqaruvchining hisobiga o‘tadi. AppStore internet-do‘konida mavjud 300 mingdan ortiq ilova-dasturlardan 65 mingdan ortig‘i iPad planshetini qo‘llab-quvvatlaydi.


Manba: infoman.uz/2011/03/apple-ipad-2-taqdimot/

Share