Паролингизни унутдингизми?
Login
Left, Right, Center Left, Center, Right Center, Left, Right



Google+ a’zolari soni 43 millionga yetdi

Google+ a’zolari soni 43 millionga yetdi

Bundan atigi 3 oy avval ochilgan Google+ ijtimoiy tarmog‘ining a’zolari soni allaqachon 43 millionga yetib ulgurdi. Bu haqda “The Next Web” internet-nashri xabar tarqatgan. Bu haftada Google kompaniyasining kata vitse-prezidenti Vik Gundotra ijtimoiy tarmoqda har kuni 1 milliarddan ortiq yangi yozuv (post) paydo bo‘layotgani haqida ma’lum qildi. Ammo u sayt a’zolari soni haqida rasmiy biror ma’lumot bermadi.

Google+ a’zolari sonining tez kunlar ichida yanada ko‘payib ketishi kutilmoqda. Chunki, bundan bir necha kun oldin saytda ochiq ro‘yxatdan o‘tish boshlandi. Bungacha ijtimoiy tarmoqqa faqatgina “invayt” (invite) orqaligina ro‘yxatdan o‘tish mumkin edi.

Google+ ijtimoiy tarmog‘ida foydalanuvchi do‘stlarining yagona ro‘yxati bo‘lmaydi. Uning o‘rniga aloqalar ro‘yxati “davralar” bo‘yicha taqsimlanadi: masalan, qarindoshlar, hamkasblar, sinfdoshlar va boshqalar. Har bir “davra” uchun maxfiylik sozlamalari alohida o‘rnatiladi. Servisda bitta “davra”ga kiruvchi foydalanuvchilarning barchasiga bir vaqtning o‘zida xabar yuborish funksiyasi mavjud.

Ijtimoiy tarmoqning yana bir afzallik tomoni undagi video-chatning mavjudligidir. Unda bir vaqtning o‘zida bir necha foydalanuvchi muloqot qilishi mumkin. Chatning asosiy oynasida o‘sha paytda gapirayotgan foydalanuvchining veb-kameradagi tasviri ko‘rinib turadi.

Google+ foydalanuvchilari ijtimoiy tarmoqning sozlamalarida o‘zlarining qiziqishlarini sanab o‘tishi ham mumkin. Shundan so‘ng, uning yangiliklar lentasida o‘sha mavzularga oid maqolalar va video-roliklarga linklar paydo bo‘lib turadi.

Google o‘zining ijtimoiy tarmog‘i bilan ishlashga mo‘ljallangan mobil ilova-dasturni ham ishlab chiqishni e’tibordan chetda qoldirgani yo‘q. Android platformasi uchun mo‘ljallangan ilova-dastur allaqachon Android Market onlayn-do‘koniga qo‘yilgan, iOS mobil operatsion tizimida ishlovchi iPhone, iPod touch va iPad qurilmalari uchun mo‘ljallangan ilova-dastur ham bor.

Smartfon kamerasida suratga olingan rasmlar va video-roliklarni o‘sha paytning o‘zidayoq Google+ sahifasiga chiqarish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Google+ servisi Google internet-gigantining ilk “ijtimoiy” loyihasi emas. Kompaniya 2004-yilda Orkut deb nomlangan ijtimoiy tarmoqni ishga tushirgan, biroq u faqatgina ma’lum mamlakatlardagina ommalashdi xolos. 2010-yilda esa Gmail pochta xizmati orqali muloqot qilish uchun mo‘ljallangan Google Buzz servisi yo‘lga qo‘yildi.

Dunyodagi eng yirik ijtimoiy tarmoq – Facebook a’zolari soni hozirda 800 million kishidan ortiq. Bu haqda 22-sentbar kuni bo‘lib o‘tgan “F8 Developer Conference” konferensiyasida sayt asoschisi Mark Sukerbergning o‘zi aytib o‘tdi.

Manba: infoman.uz

Share