Паролингизни унутдингизми?
Login
Left, Right, Center Left, Center, Right Center, Left, Right



“Google”ning mobil brauzeri “Opera Mini”dan o‘zib ketdi

“Google”ning mobil brauzeri “Opera Mini”dan o‘zib ketdi

Android operatsion tizimi asosida ishlovchi qurilmalarga oldindan o‘rnatilgan holda chiqariluvchi “Google”ning mobil brauzeri oktabr oyi yakunlariga ko‘ra mashhurlikda “Opera Mini” mobil brauzeridan o‘zib ketdi. Bu haqda “Net Applications” tadqiqot kompaniyasi o‘zining oktabr oyi uchun chiqargan hisobotida ma’lum qilgan.

“Google”ning mobil brauzeri ushbu bozorda hozirda 18,7 foiz ulushga egalik qilmoqda, “Opera Mini” esa – 13,1 foiz. Ular mobil brauzerlar reytingida mos ravishda ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallashgan. Birinchi o‘rinni katta farq bilan iPhone smartfonlari, iPad planshet kompyuterlari va iPod touch pleyerlariga o‘rnatiluvchi “Safari” mobil brauzeri band qilgan. Uning hissasiga bozorning 62,2 foiz ulushi to‘g‘ri kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, “Net Applications” ma’lumotlariga ko‘ra, sentabr oyida Google mobil brauzeri bozorda 16,3 foiz, “Opera Mini” esa 18,9 foiz ulushga ega bo‘lishgan edi.

Dunyo bo‘ylab mobil brauzerlardan foydalanish

Manba: “Net Applications”

“CNet News” tahlilchilarining yozishicha, “Opera Mini” ulushining kamayib ketishiga sabab – smartfonlar va planshet kompyuterlarning ommalashib ketishidir. Norvegiyaning “Opera Software” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan “Opera Mini” mobil brauzerida traffikni siqish texnologiyasi qo‘llaniladi va u oddiy (smartfon bo‘lmagan) telefonlarda ishlatiladi.

Kompyuter brauzerlari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, “Internet Explorer” hissasiga oktabr oyida bozorning 52,6 foiz ulushi to‘g‘ri keldi, biroq bu raqam oydan-oyga kichiklashib bormoqda. Ikkinchi o‘rinni 22,5 foizlik ulush bilan “Mozilla Firefox” brauzeri egallagan. Uchinchi va to‘rtinchi pozitsiyalarni “Google Chrome” va “Apple Safari” band qilishgan. Ularning hissasiga mos ravishda bozorning 17,6 va 5,4 foiz ulushi to‘g‘ri kelgan.

Dunyo bo‘ylab kompyuter brauzerlaridan foydalanish

Manba: “Net Applications”

So‘nggi yillarda smartfonlar, planshet kompyuterlar va konsollar kabi mobil qurilmalar foydalanuvchilar orasida ancha ommalashib borayotganligiga qaramasdan, aksariyat odamlar Internetdan foydalanish uchun ko‘proq kompyuter brauzerlarini ishlatishmoqda.

Dunyo bo‘ylab kompyuter va mobil brauzerlardan foydalanish

Manba: “Net Applications”

Eslatib o‘tamiz, “Google”ning mobil brauzeri Android-qurilmalarga o‘rnatilgani bois “Android Browser” deb nomlanadi.

Manba: infoman.uz

Share