Паролингизни унутдингизми?
Login
Left, Right, Center Left, Center, Right Center, Left, Right



“iPad 3”dan umidingizni uzing – “Apple” ertaga “iPad HD” planshet kompyuterini namoyish qiladi

“iPad 3”dan umidingizni uzing – “Apple” ertaga “iPad HD” planshet kompyuterini namoyish qiladi

Amerikaning “Apple” kompaniyasi ertaga 7-mart kuni o‘zining “iPad” (talaffuz qilinishi – ayped, aypad) planshet kompyuterining yangi versiyasini namoyish qiladi. Taqdimot vaqti yaqinlashgani sayin yangi gadjet haqidagi mish-mishlar ham ko‘payib bormoqda. Shunday qilib, bir necha “ishonchli” manbalar, jumladan Internetdagi yuqori texnologiyalar haqidagi mashhur “Mashable” texnoblogining yozishicha qurilmaga ko‘pchilik kutganidek “iPad 3” emas, balki “iPad HD” deb nom berilgan.

 

Ma’lum bo‘lishicha, “iPad”ning 3-versiyasida ekranning ajrata olish ko‘rsatkichi oldingisiga qaraganda to‘rt barobar katta bo‘ladi – 1024 x 768 o‘rniga endilikda 2048 x 1536 piksel bo‘ladi. Shuning uchun ham unga “iPad HD” (HD – high definition, tarjimasi – yuqori sifatli) deb nom berilgan.

“Mashable” internet-nashrining yozishicha, qurilmaning yangi versiyasiga “iPad HD” deb nom berish marketing nuqtai-nazaridan ham to‘g‘ri – sababi, iste’molchilar uni avvalgi versiyasidan bemalol farqlay oladi.

“Mashable”dan mustaqil ravishda “CNet” hamda “VentureBeat” kabi nufuzli texnobloglar ham uchinchi avlod “iPad” planshet kompyuteriga “iPad HD” deb nom berilishi haqida yozgan.

Eslatib o‘tamiz, ertaga 7-mart kuni AQShning San-Fransisko shahrida “Apple” o‘zining yangi gadjetining taqdimotini o‘tkazadi. Odatda, “Apple” bunday tadbirlarga jurnalistlarni taklif qilganda ularga mahsulot haqida hech qanday ma’lumot bermaydi. Kompaniya o‘z mahsulotlarini taqdimotdan oldin shunday sir saqlaydiki, ko‘p hollarda yangi gadjet yoki servis haqidagi barcha mish-mishlar puch bo‘lib chiqadi.

Xuddi shunga o‘xshash holat “Apple”ning bundan oldingi taqdimotida ham kuzatilgan edi – hamma “iPhone 5” smartfonini kutayotgan bir paytda uning o‘rniga “iPhone 4S” namoyish qilingan edi.

Internet-nashrlarning yozishicha uchinchi avlod “iPad” planshetining ekraniga xuddi “iPhone 4” va “iPhone 4S” smartfonlaridagidek yuqori tiniqlik darajasiga ega Retina-displey qo‘yiladi.

“Apple” ilk marta “iPad” planshet kompyuterini 2010-yilda sotuvga chiqargan bo‘lsa, 2011-yil 2-mart kuni esa uning ikkinchi avlodi – “iPad 2” namoyish qilingan edi. Mana, oradan roppa-rosa bir yil o‘tib navbat “mo‘jizakor” qurilmaning uchinchi avlodiga ham keldi. Ko‘ramiz, ertaga “Apple” qanday qilib o‘z muxlislarini xursand qilar ekan – u “iPad 3” bo‘ladimi yoki “iPad HD”, buning unchalik ahamiyati yo‘q, muhimi – unga qanday yangiliklar kiritilgan, “Apple” yana nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatadi.

URL: http://infoman.uz/2012/03/ipad-hd-rumors/

Share