07.02.2013
Google Glass: ovoz - suyaklar orqali
AQSh Federal aloqa komissiyasi (Federal Communications Commission, FCC) ma'lumotlariga ko‘ra, taqib yuriladigan Google Glass kompyuteri nafaqat 2.4GHz 802.11 b/g WiFi va Bluetooth 4.0 bilan, balki suyak orqali o‘tkazuvchi dinamika bilan ham jihozlangan. U o‘z navbatida foydalanuvchilarga quloq tasmasi (naushnik)siz audiolarni tinglash imkonini beradi.
Bosh chanog‘i suyaklari orqali ichki quloq pardalariga o‘tuvchi vibratsiya, insonga musiqa bilan birga uning atrofida sodir bo‘layotgan barcha harakat tovushlarini ilg‘ash imkoniyatlarini yaratadi. Bu haqda FCC hujjatining “Foydalanuvchiga tovushni bosh suyagi orqali uzatuvchi o‘rnatilgan vibratsiyali element” bandi matnida keltiriladi. Bir necha kun avval, Google suyak orqali o‘tkazuvchi o‘rnatilgan dinamikali mobil kompyuter qurilmasi uchun patentga ariza bergan edi. Eslatib o‘tamiz, ushbu qurilma yangilik hisoblanmaydi, biroq Google Glass turidagi qurilmalarda qo‘llanilishi uning tezda ommalashib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Google Glass ko‘zoynaklar prototipi Google I/O anjumani doirasida keng ommaga yarim yil avval taqdim etilgan edi. Shundan so‘ng, ushbu kompyuter bir necha bor ommaga namoyish etilgan, hatto o‘tgan yilning sentyabr oyida Nyu-York moda haftaligi ishtirokchisi ham bo‘lgan. Ishlab chiqaruvchilar ushbu qurilmani yaqin bir necha oy ichida qo‘lga olishi kutilmoqda, oddiy foydalanuchilar esa, ushbu gadjet imkoniyatlaridan kelasi yilda baxramand bo‘lishlari mumkin.
Manba: www.megabayt.uz